Oliy taʼlim muassasalarining deponentlangan mualliflik huquqi obyektlari haqida ma’lumotlar yuritiladi

07.02.2023

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 28 yanvardagi «Intellektual mulk obyektlarini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori universitetlarda intellektual mulk sahosiga oid fanlarni joriy etish, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoyalash masalalarini ko‘zda tutgan.

Bugun, mamlakatimizda qator rivojlangan davlatlarning oliy taʼlim muassasasi filiallarining tashkil etilishi mahalliy oliy o‘quv yurtlarida ham o‘zaro raqobatni paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Chunki xorijiy oliy taʼlim muassasalari Intellektual mulkni deponentlashtirishga alohida eʼtibor qaratadi. Demak, Intellektual mulkni deponentlashtirish bilan ilmiy izlanishlar darajasining o‘sishiga erishiladi, natijada oliy taʼlim muassasasining nufuzi oshadi.

Maʼlumki, har qanday mualliflik obyekti muallif tomonidan qonuniy asosda boshqarilishi va tasarruf etilishi mumkin. Buning uchun dastlabki qadam – mualliflik obyektiga nisbatan davlat muhofazasini qo‘llash yaʼni ushbu obyektni deponentlash muhim hisoblanadi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 17 martdagi PF–89-son Farmoniga muvofiq 2023 yil 1 apreldan boshlab mualliflik huquqi obyektlarining electron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi obyektlarining yagona bazasida saqlanishi, yagona bazani yuritish, texnik taminlash hamda mualliflik huquqi obyektlarining electron nazorat nusxalarini Yagona bazaga kiritish jarayonini muvofiqlashtirish Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan amalga oshirilishini, saqlovga qabul qilinganligi to‘g‘risida hujjatni obyektni electron nazorat nusxasi Yagona bazaga kiritilgandan so‘ng taqdim qilinishi belgilangan.

Bugungi kunda deponentlash bilan bog‘liq barcha ishlar Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Intellektual mulk markazi tomonidan o‘tkazilgan tahliliy hisobotlarga ko‘ra 2020 yilda deponentlangan mualliflik huquqi obyektlarining soni 1176 tani tashkil qilsa, shulardan 400 tasi oliy taʼlim muassaslariga tegishliligi aniqlangan. 2021 yilda bu ko‘rsatgich 1420 tani tashkil qilib, shulardan 1217 tasi oliy taʼlim muassasalariga tegishli. 2022 yilda esa bu ko‘rsatgich 1395 tani tashkil qilib, shulardan 1065 tasi oliy taʼlim muassasalariga tegishli. Kuzatuvlarimiz natijasida oliy taʼlim muassasalari orasida eng ko‘p deponentlangan mualliflik huquqi obyektlari Farg‘ona davlat universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu taxliliy hisobotlar asosida Intellektual mulk markazi tomonidan tuzilgan norasmiy reyting natijasiga ko‘ra birinchi o‘nbeshtalik ro‘yxati orasida yurtimiz oliy taʼlim muassasalarining ulushi mazkur diagrammada keltirilgan.

Deponentlash uchun topshirilayotgan mualliflik huquqi obyektlarining katta qismini oliy taʼlim tizimida foydalanish uchun mo‘ljallangan o‘quv-uslubiy, o‘quv-texnik qo‘llanmalar, darsliklar formatidagi elektron dasturlar tashkil etadi.

So‘nggi vaqlarda respublikamizdagi ilmiy tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalarida mualliflik huquqi obyektlarini deponentlash ko‘rsatgichi sezilarli darajada o‘sganini ko‘rish mumkin. Mazkur diagramma 2015 yildan 2022 yilgacha Intellektual mulk agentligi tomonidan deponentlangan mualliflik huquqi obyektlarini sonini ko‘rsatmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqoridagi keltirilgan raqamlar oliy o‘quv yurtlarining Intellektual mulk salohiyatini belgilab bermoqda desak to‘gʼri bo‘ladi. Chunki taʼlim muassasalarining intellektual mulk obyektlarini deponentlash barcha sohalarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va foydalanish, masofaviy taʼlim faoliyatini tashkillashtirish, keng ommaning ulardan foydalanishi uchun imkon yaratadi.

_