04.02.2023
O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchilikka muvofiq, har qanday mahsulot, xoh maishiy, xoh sanoat maqsadlarida foydalanishidan qat’i nazar sanoat namunasi deb tan olinadi, bunda asosiy narsa mahsulotning tashqi ko‘rinishini belgilab beruvchi badiiy-konstruktorlik yechimdir. Bu nuqtai nazardan, sanoat namunasi sifatida avtomobil, qurilma, mebel yoki boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari, yorliqlar, shisha shakllari, naqshlar, kiyim-kechak va hatto matoning tashqi ko'rinishiga patent olinishi mumkin, hamda ommaviy ishlab chiqarilgan mahsulotlar va hunarmandchilik mahsulotlari bo'lishi mumkin, bunday mahsulotlarning vaqt oralig‘i cheklanmagan, ya’ni uzoq muddatli yoki qisqa muddatli foydalanish mahsulotlari bo‘lishi mumkin. Ammo, bu har qanday buyum patentga layoqatli sanoat namunasi bo‘lishi mumkin degani emas. “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida (bundan buyon matnda – Qonun deb yuritiladi) sanoat namunasi deb tan olinmaydigan obyektlarning “klassik” ro‘yxati – matbaa mahsulotlari (gazetalar, jurnallar va hokazo), turg‘un inshoot (sanoat, gidrotexnik va boshqa inshootlar), arxitektura obyektlari (ularning maketlaridan tashqari), suyuq, gazsimon, sochiluvchan yoki shunga o‘xshash moddalardan iborat o‘zgaruvchan shakldagi obyektlar, buyumning faqat texnik vazifasi bilan bog‘liq bo‘lgan obyektlar va jamoat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlar – ko‘rsatilgan “cheklovchi norma” belgilangan.
Yuqoridagi qonun sanoat namunalarining patentga layoqatlilik mezonlari ko‘rsatib o‘tilgan, ya’ni 8-moddada “yangi” va “original” bo‘lgan mahsulotlarga huquqiy muhofaza berilishi belgilab o‘tilgan. “Yangi” sanoat namunasi – bu sanoat namunasining muhim belgilari majmui sanoat namunasiga ustuvorlik berish sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor bo‘lgan ma’lumotlardan ayon bo‘lmagan buyum.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasida sanoat namunasi uchun “yangilik” mezoni global xususiyatga ega, ya’ni “jahon yangiligi” degan hulosaga kelish mumkin.
Agar mohiyatan ekspertiza o‘tkazish davrida talab qilingan buyumning tashqi ko‘rinishi bo‘lgan badiiy-konstruktorlik yechim “yangilik” patentga layoqatlilik mezoniga javob berishi aniqlansa, keyingi boshqich talab qilingan buyumning “originalligini” tekshirishdan iborat.
Qonunning 8-moddasiga muvofiq, agar sanoat namunasining muhim belgilari majmui buyum xususiyatlarining ijodiy jihatlari bilan bog‘liq bo‘lsa, original deb e’tirof etiladi. Buyumning tashqi ko‘rinishi xususiyatlarini ifodalovchi belgilar sanoat namunasining muhim belgilari hisoblanadi.
Shuni qayd etish joizki, sanoat namunalari huquqiy muhofazasi sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining asosiy normalari 90-yillarning o‘rtalarida qabul qilingan bo‘lib, bugungi kunga kelib ularni yangilash ehtiyoji mavjud.
Ayni paytda O‘zbekiston TRIPS kelishuvi amal qiladigan JSTga, shuningdek, Sanoat namunalarini ro‘yxatga olish bo‘yicha Gaaga tizimining Jeneva aktiga qo‘shilish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasining mazkur xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi masalalarini ko‘rib chiqishda shuni tushunish kerakki, ushbu hujjatlarda belgilangan majburiyatlarni bajarishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak.