Foydali model deb nimaga aytiladi?

16.01.2020

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi murojaat qiluvchilarning aksariyatini qiziqtirgan foydali model va uni patentlashtirish to’g’risidagi savollariga javob beradi.

Savol: Foydali model deb nimaga aytiladi?

Javob: Mahsulot yoki usulga tegishli har qanday sohadagi texnik yechim foydali model sifatida eʼtirof etiladi. Foydali model sifatida, masalan, usullar, qurilmalar, moddalar, mikroorganizmlar shtammlari, oʼsimliklar va hayvonlar hujayralarining turlari tan olinadi.



Savol: Qaysi ob’ektlarga muhofaza taqdim etiladi?

Javob: Аgar obʼekt patentga layoqatlilikning quyidagi shartlariga javob bersa, foydali modelga patent berilishi mumkin:

  • yangi boʼlsa, yaʼni mavjud texnika darajasida maʼlum boʼlmasa;
  • sanoatda qoʼllash mumkin boʼlsa, yaʼni foydali modeldan sanoat, qishloq xoʼjaligi, sogʼliqni saqlash va faoliyatning boshqa sohalarda foydalanish mumkin boʼlsa.

Quyidagilar foydali model sifatida tan olinmaydi:

  • ilmiy nazariyalar va matematik usullar;
  • tashkillashtirish va boshqarish usullari;
  • shartli belgilar, jadval, qoidalar;
  • aqliy operatsiyalarni bajarish qoidalari va usullari;
  • elektron hisoblash mashinalari uchun algoritm va dasturlar;
  • bino, inshoot, hududlar planirovkasining loyiha va sxemalari;
  • estetik ehtiyojlarni qondirishga yoʼnaltirilgan buyumning faqat tashqi koʼrinishiga taalluqli qarorlar;
  • integral mikrosxemalar topologiyasi;
  • oʼsimlik navlari va hayvon zotlari;
  • jamoatchilik qiziqishlari, insonparvarlik tamoyillari va axloqqa zid boʼlgan yechimlar.

Savol: Foydali modelga patentni kim beradi?

Javob: Foydali modelga patent - bu vakolatli davlat organi hisoblangan Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi tomonidan beriladigan muhofaza hujjatidir. Patent foydali modelning ustuvorligini, muallif va patent egasining foydali modelga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etishga doir mutlaq huquqni tasdiqlaydi.

Topshirilgan obʼektning patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi davlat ekspertizasini oʼtkazish natijasida aniqlanadi. Аgar ekspertiza natijasida foydali modelning koʼrsatilgan shartlarga muvofiqligi aniqlansa, u holda Oʼzbekiston Respublikasida 5 yil davomida amal qiluvchi patent, uni yana 3 yilga uzaytirish imkoniyati bilan beriladi.



Savol:Patent egasi qanday huquqlarga ega?

Javob: Patent egasi foydali modeldan foydalanish va undan boshqa shaxslarga berish borasida mutlaq huquqqa ega. Patentning amal qilish muddati tugagach foydali model omma mulkiga aylanadi, yaʼni boshqa shaxslar tomonidan tijorat maqsadlarida foydalanish uchun ochiq hisoblanadi.



Manba:ima.uz

__________